Navoiy Tabiati

    18 декабрь, 2017 119 jasur Navoiy viloyati boshqarmasi

    Navoiy Tabiati


    Navoiy viloyati deganda, bag‘rida behisob tabiiy boyliklarni-oltin va kumush deysizmi, marmar va fosfarit deysizmi, uran va kvars deysizmi, feruza va ohaktosh deysizmi - muxtasar aytganda, o‘zida butun Mendeleyev jadvalini mujassam etgan saxovatli bir zaminni tasavvur qilamiz. Albatta, bunday boylik har kimga berilmaydi. Shuning uchun ham Navoiy vohasini O‘zbekistonning oltin sandig‘i, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
    Navoiy viloyati mamlakatimizda xududiy jixatdan eng katta viloyat bo‘lib, Qoraqalpog‘istondan keyingi ikkinchi o‘rinni egallaydi. Uning umumiy hududi 110.99 ming kv. kmni tashkil etadi. Viloyat o‘ziga xos tabiiy sharoitiga ko‘ra yirik uch qismga bo‘linadi: viloyatning shimoli-g‘arbiy qismi bag‘rida ne-ne sir-sinoatlarni yashirib yotgan Qizilqum cho‘li egallagan. Janubi-sharqiy qismida Nurota tog‘ tizmalariga tegishli Qoratog‘, Oqtog‘ singari tog‘lar bo‘y cho‘zgan bo‘lsa, Zarafshon daryosi vohasining o‘rta qismida viloyatning dehqonchilik zonasi o‘rnashgan. Viloyat shimolidan va shimoli-sharqdan Qozog‘iston Respublikasi hududi bilan, janubi-sharqdan mamlakatimizning Jizzax, Samarqand, janubdan Qashqadaryo, janubi-g‘arbdan esa Buxoro viloyatlari bilan chegaradoshdir.
    Naoiy viloyati zaminida shifobaxsh, sho‘r va yer osti chuchuk suv zaxiralari aniqlangan bo‘lib, Tomdibuloq, Qaraqota, Chingildi atroflaridan topilgan suvlardan xalq salomatligini mustahkamlash hamda xo‘jalik yumushlarida unumli foydalanilmoqda. Viloyatning asosiy suv manbai Zarafshon daryosi hisoblanadi. Hududida dehqonchilik maydonlari Amu-Buxoro mashina kanalining Navoiy, O‘rtacho‘l, Amu, Sumbul, Mayna tarmoqlari hamda Zarafshondan suv oladigan Konimex, Tos, Shovot, Chovli, O‘ng va chap qirg‘oq, Navkar kanallari orqal suv bilan ta’minlanadi. Shuningdek, Quyimozor, To‘dako‘l suv omborlarida kuz-qish mavsumida kerakli suv zaxiralari hosil qilinadi.
    Viloyatning shimoli va g‘arbida ko‘chma qum barxanlari, gilli cho‘l zonalari yastanib yotadi. Mazkur kengliklar, ayniqsa, bahor oylarida turfa tabiiy giyohlar, o‘t-o‘lanlar, rang-barang o‘simliklar bilan bezanadi. Astragal, shuvoq, sho‘ra, isiriq, qamish, zarpechak, saksovul,yulhun va boshqa o‘nlab nomdagi cho‘l butalari go‘yo jonsizdek tuyuladigan bepoyon zaminga beqiyos chiroy baxsh etadi. Bu yerlarda yil-o‘n ikki oy chorva boqiladi. Qandim, cherkez, singren, oqpechak, selin, efemer va boshqa o‘tlar chorva mollari uchun to‘yimli oziqadir.
    Navoiy cho‘llari, dashtu dalalari, tog‘u toshlari ming turli hayvonot-hasharotlarga ona bag‘irlik qiladi. Bu viloyatda Respublikamizning boshqa joylarida kam uchraydigan yohud umuman ko‘zga tashlanmaydigan yovvoyi hayvonlar, kemiruvchilar, sut emizuvchilar, sudralib yuruvchilar oilasiga mansub turfa xil jorvonlar saqlanib qolgan. Masalan, Bo‘kantovda va Mingbuloq botig‘ida qobon, bo‘ri, chiyabo‘ri, tulki, uzun dumli mushuk, cho‘l mushugi kabi noyob hayvonlar emin-erkin urchib-ko‘payib borayotgan bo‘lsa, cho‘l va dasht zonalarida malla yumronqoziq, sug‘ur, sassiqko‘zan, jayra, kaltakesak, turfa xil ilonlar, toshbaqalar har qadamda uchraydi. Bu yerda qushlarning ham tuvaloq, qorabovur, olavur, qirg‘ovul singari o‘nlab noyob turlari tabiiy sharoitda saqlanib qolgan.

    шаблоны для dle 11.2
все шаблоны для dle на сайте newtemplates.ru скачать