Xalqaro baxshichilik san'ati festivali

    15 апрель, 2019 103 navoiy Navoiy vb yangiliklari

    Qadimiy doston, ertak va qo‘shiqlarimiz madaniyatimiz, tariximizni o‘zida aks ettiruvchi bebaho boyligimizdir. Davlatimiz rahbari tomonidan o‘tgan yil 1 noyabrda qabul qilingan “Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaror milliy baxshichilik va dostonchilik san’atining noyob namunalarini asrab-avaylash, rivojlantirish, yosh avlod qalbida ushbu san’at turiga hurmat va e’tibor tuyg‘ularini kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
    Hujjatda Termiz shahrida har ikki yilda bir marta Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Bayram qadimdan baxshi-shoirlarga beshik bo‘lib kelayotgan vohada tashkil etilganligi milliy an’ana va urf-odatlarimizni, ota-bobolarimizdan meros san’atimizni yanada keng targ‘ib etish imkoniyatini yaratadi.

     

     
    Bugun birinchi marta o‘tkazilayotgan ushbu xalqaro tadbirning ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Unga dunyoning ko‘plab davlatlaridan folklorshunos olimlar, baxshi-shoirlar, oqin va jirovlar, ijodiy jamoalar tashrif buyurgan. Festival xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirib, xalq og‘zaki ijodidan bahra olishga imkon yaratadi.
    Termiz shahri bayramona bezatilib, ko‘cha-xiyobonlarga xalqaro festival ruhi aks etgan bannerlar o‘rnatildi. Muhtasham San’at saroyi maydoniga mardlik va vatanparvarlik timsoli — Alpomishning haykali ko‘rk hamda ulug‘vorlik bag‘ishlab turibdi.
    Tadbir doirasida xorijiy va mahalliy baxshichilik san’ati ustalarining yakka konsertlari, folklor jamoalarining xalqaro ko‘rik-tanlovi, dunyoga mashhur allomalarimiz hayoti, faoliyati haqida sahnalashtirilgan dasturlar, o‘zbek, arab, fors, ingliz, rus tillarida nashr etilgan ilmiy-tadqiqot asarlari, turli adabiyotlar namoyishiga alohida o‘rin ajratilgan.
    32 gektardan iborat hududda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarning ramziy qo‘rg‘onlari bunyod etilib, har bir hududning o‘ziga xos urf-odat, an’ana va qadriyatlari aks ettirilgan.
    Viloyatimizdan festivalga 100 nafarga yaqin kishi ishtirok etmoqda. Ular uchun ajratilgan maydon ham o‘ziga xos tarzda bezatilgan. U yerda o‘rnatilgan tarixiy obidalar va o‘tov maketlarining dizayni “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi tomonidan amalga oshirildi. Milliy liboslar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy san’at, haykaltaroshlik namunalari bilan boyitildi. Bir so‘z bilan aytganda, kichik Navoiyni bunyod etishdi.
    O‘rnatilgan sahnada 9 nafar baxshi va jirovlarimiz hamda Qiziltepa tumanining “Vang‘ozi” folklor-etnografik jamoasi, Navoiy ixtisoslashtirilgan madaniyat va san’at maktabining “Bahor” raqs ansambli vakillari o‘zlarining musiqiy dasturlarini tomoshabinlarga namoyish etishadi.

    Manbaa: "Do'stlik bayrog'i" gazetasi

    шаблоны для dle 11.2
все шаблоны для dle на сайте newtemplates.ru скачать